+998-66-455-21-87
kattateatr@gmail.com
Kattaqo‘rg‘on shahar drama teatri w w w . k a t t a t e a t r . u z

"Yevroosiyo” xalqaro teatr san’ati festivali bo‘lib o‘tdi

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Madaniyat va san’at sohasini yanada rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2022-yil 2-fevraldagi PQ–112-son hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Yevroosiyo” xalqaro teatr san’ati festivalini o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2021-yil 23-apreldagi 235-son qarorlari ijrosini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va turizm vazirligi tomonidan joriy yilning 22 – 28-may kunlari “Yevroosiyo” xalqaro teatr san’ati festivali o‘tkazildi.

Festival tashkil etilishidan maqsad, teatr san’ati sohasida xalqaro hamkorlikni yanada rivojlantirish, O‘zbekistonning xorijiy davlatlar bilan madaniy-gumanitar aloqalarini, xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik va birodarlik rishtalarini yanada mustahkamlash, yagona madaniyat platformasini shakllantirish, teatr san’ati sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirib, madaniy munosabatlar doirasini xalqaro miqyosda kengaytirish hamda teatr san’ati namoyondalarini birlashtirishdan iborat.

O‘zbekistonda ilk bor o‘tkazilgan Xalqaro teatr san’ati festivali doirasida Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iziston, Rossiya, Belorusiya, Turkiya, Gruziya, Ozarbayjon, Turkmanistondan teatr jamoalari hamda respublikamiz teatr jamoalari o‘z spektakllari bilan ishtirok etishdi. Shuningdek, sohaning yetakchi mutaxassislaridan iborat xalqaro ekspertlar guruhi tashkil etildi.

22-may kuni O‘zbek Milliy akademik drama teatrida festival ochilishi oldidan matbuot anjumani o‘tkazilib, anjumandan so‘ng, O‘zbek Milliy akademik drama teatrining “Adolat fasli” spektakli namoyishi bo‘lib o‘tdi. Shuningdek, festival doirasida 6 kun davomida G.Musrepov nomidagi Qozog‘iston davlat bolalar va o‘smirlar teatrining “Karagoz”, Turkiya Eski shahar mustaqil teatrining “Qaytish”, Ozarbayjon davlat yosh tomoshabinlar teatrining “Voyna”, Qoraqalpoq davlat yosh tomoshabinlar teatrining “Qorqit ota”, V.Mayakovskiy nomidagi Tojikiston davlat rus drama teatrining “Ispoved Omara Xayyama”, O‘zbekiston davlat drama teatrining “Romeo va Juletta”, B.Kidikeyeva nomidagi Qirg‘iz davlat yoshlar teatrining “Umut”, Minsk shahar yangi drama teatrining “Varshavskaya melodiya”, Nodar Dumbadze nomidagi Tbilisi yosh tomoshabinlar teatrining “Noch i popugay”, Sankt-Peterburg Vasilev orolchasi davlat drama teatrining “Varshavskaya melodiya” spektakllari namoyish etildi.

Yevroosiyo xalqaro teatri san’ati festivali yana bir an’anani yo‘lga qo‘ydi, bu – davlatlaro hamkorlik memorandumlarni imzolash marosimi. Ushbu marosim festival doirasida Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik katta teatri binosida o‘tkazilib, bir qancha muvaffaqiyatli hamkorlik memorandumlari imzolandi.

2023-yilning 28-may kuni “Turkiston” san’at saroyida o‘tkazilgan festivalning tantanali yopilishi marosimida “Yevroosiyo” xalqaro teatr san’ati festivali g‘oliblari turli nominatsiyalar bo‘yicha vazirlikning diplom, statuetka va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.


Kiritilgan vaqti: 29/05/2023 09:08;   Ko‘rilganligi: 120
 
Material manzili: https://kattateatr.uz/press-center/news/yevroosiyo-xalqaro-teatr-sanati-festivali-bolib-otdi
Chop etilgan vaqti: 20/09/2024 08:46
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing