+998-66-455-21-87
kattateatr@gmail.com
Kattaqo‘rg‘on shahar drama teatri w w w . k a t t a t e a t r . u z

Teatr tarixi

 

Kattaqo‘rg‘on shahar drama teatri tarixi haqida qisqacha
MA'LUMOT

Kattaqo‘rg‘on teatri 1921 yilning 15 yanvarida Ziyo Saidning “Qonli kun” spektakli bilan o‘z ishini boshlagan.

Kattaqo‘rg‘on teatri 2016 yilga qadar turli nomlar bilan yuritilib kelindi. 1928 yili unga “Haqiqat” nomi berildi. 1940 yilda esa “Kolxoz- sovxoz teatri” nomi bilan tomoshalar ko‘rsatdi. 1958-1961 yillar orasida Kattaqo‘rg‘on shahar musiqali teatri deb ataldi. 1962 yilda Kattaqo‘rg‘on shahar o‘zbek davlat drama teatri nomi berildi. Va nihoyat, 2016 yildan buyon Kattaqo‘rg‘on shahar drama teatri nomi bilan yuritilib kelinmoqda.

Teatr binosi 1976 yilda foydalanishga topshirilgan, 2016 yilda Muhtaram Prezidentimiz Sh.M.Mirziyoevning tashriflari munosabati bilan kapital ta'mirlangan va moddiy-texnik bazasi mustahkamlangan. Tomosha zali o‘rindiqlari soni 450 ta.

Shoir, rejissyor, dramaturg Abdulhamid Majidiy Kattaqo‘rg‘on shahar drama teatrining asaschilaridan sanaladi.

Teatr faoliyatini boshlagan yillarda teatr repertuaridan K.Yashinning “O‘rtoqlar”, U.Ismoilovning “Hodishodi”, H.Muxtorovning “Mahabbat guli”, Hamzaning “Maysaraning ishi”, B.Rahmonovning “Dili boshqa-yu, tili boshqa”, N.Gogolining “Uylanish” kabi asarlari asosidagi spektakllar o‘rin olgan.

Teatrning bugungi kamolotida sahna fidoyisi, O‘zbekiston xalq artisti, “El-yurt hurmati” ordeni sohibasi Shirin Meliyevaning beqiyos xizmatlari bor. Sh.Meliyeva o‘tgan asrning 50-yillarida bu teatrini tarqalib ketishdan saqlab qolgan. Uning rahbarligida Kattaqo‘rg‘on teatri ming-minglab muxlislar ortirdi, teatr sahnasi davr va tomoshabin talablariga mos spektakllar bilan boyidi, chinakam ijodiy jarayon hukmron bo‘ldi.

San'atkor mazkur teatrda yuzdan ortiq to‘laqonli obrazlar yaratdi, o‘ttizga yaqin spektakllarni sahnalashtirdi, teatrga uzluksiz 40 yil rahbarlik qildi.

O‘tgan asrning so‘ngi yillarida teatri jamoasi qo‘shni Tojikiston, Turkmaniston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston Respublikalari bo‘ylab ijodiy safarlar uyushtirdi. Rossiyaning Qozon, Ufa shaharlari sahnalarida teatr repertuaridagi taniqli boshqird adibi Mustay Karimning “Oy tutilgan tunda” asari asosidagi spektakl yuqori saviyada namoyish etildi.

Respublikamiz poytaxti va barcha viloyatlarida Kattaqo‘rg‘on teatrining gastrollari muvofaqiyatli uyushtirilmoqda.

Ayni kunda teatr sahnasida M.Behbudiyning “Padarkush”, Sh.Rizayevning “Ona”, M.Zoshenkoning “Qilmish-qidirmish”, A.Karayevning “Shok”, N.Qobilning “To‘da”, E.Shukurovaning “Sohiba”, T.Malikning “Zaharli tomchilar”, E.Xushvaqtning “Andishali kelinchak”, “Qalliq o‘yini”, G.Naxusrishvilining “Mittivoy”, Yorqinning “Qora shoxning shoxi sindi”, M.Uyg‘urning “Turkiston tabibi”, G.Muftizodaning “Unutilgan boylik”, T.Yunusning “Niso xolaning hisobi”, U.Azimning “Bir qadam yo‘l”, S.Hamroyevning “Jasorat yo‘li”, S.Ahmadning “Ufq” asari asosida M.Umarov inssenirovkasi “Zirillama tomonlarda”, M.Ergashning “Imom Al-Buxoriy”, A.Qodiriy hajviyalari asosida M.Muhammadaminova inssenirovkasi “Toshpo‘lat tajang nima deydi?”, Ch.Aytmatovning “Erta qaytgan turnalar”, X.K.Andersonning “Yalong‘och qirol” kabi asarlari asosidagi spektakllar namoyish etilmoqda.

O‘tgan davr mobaynida teatr jamoasi ko‘plab festivallarda ishtirok edi. Jumladan, 2013 yil Toshkent shahrida o‘tkazilgan “Theatre.UZ/2013” teatr san'ati festivalida A.Karayevning “Shok” asari bilan ishtirok etib, maxsus diplom bilan taqdirlandi. 2017 yil 27 iyundan 1 iyulga qadar Toshkent shahrida o‘tkazilgan “Seni kuylaymiz, zamondosh!” IV-Respublika teatrlarining ko‘rik-festivalida “Jasorat yo‘li” (Oqpadar) spektaklini namoyish etib, “Ogohlikka da'vat etuvchi spektakl” nominatsiyasi bo‘yicha diplom bilan taqdirlandi. 2018 yil Toshkent shahrida o‘tkazilgan “Debyut-2018” respublika ko‘rik-festivalida teatr jamoasi, teatr rejissyori F.Abdurayimov tomonidan sahnalashtirilgan “Yalong‘och qirol” spektakli bilan munosib ishtirok etdi.

Respublikamizning keksa teatrlaridan sanalmish Kattaqo‘rg‘on shahar drama teatri jamoasi qaynoq ijod og‘ushida.

Maqsad – talabchan, didi baland muxlislarning doimiy e'tiborida bo‘lish, shu kunning ruhiga mos asarlar sahnalashtirib, tomoshabinlarga zavq bag‘ishlash, eng muhimi-san'at dargohining shuhratini so‘ndirmaslikdan iborat.


Oxirgi o‘zgarish: 02/12/2020 09:04;   Ko‘rilganligi: 289
 
Material manzili: https://kattateatr.uz/about/theater-history
Chop etilgan vaqti: 17/09/2024 11:45
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing