+998-66-455-21-87
kattateatr@gmail.com
Kattaqo‘rg‘on shahar drama teatri w w w . k a t t a t e a t r . u z

BUYUK MUTAFAKKIRNI YOD ETIB

 

Shu kunlarda Respublikamiz singari shahrimizda ham buyuk mutafakkir, so‘z mulkining sultoni Alisher Navoiy tavalludining 583 yilligi keng nishonlanmoqda. Shu munosabat bilan shahrimizdagi umumta'lim, kasb-hunar maktablari va oliy ta'lim muassasalarida Navoiyxonlik kechalari, ma'naviy-ma'rifiy tadbirlar shoir va yozuvchilar bilan uchrashuvlar bo‘lib o‘tmoqda.

Bugun shahar istirohat bog‘ida “Buyuk mutafakkirni yod etib” nomli ma'naviy-ma'rifiy tadbir o‘tkazildi.

Unda shahar hokimligi, yoshlar, nuroniylar, shoir va yozuvchilar, ta'lim, sog‘liqni saqlash, turli tashkilotlar va idoralar hamda jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.     

Tadbirni ochib bergan shahar hokimi o‘rinbosari Jamshid Nosirov xalqimiz ayniqa yosh avlod uchun Navoiy hayoti va ijodini o‘rganishi, uning boy ma'naviy-ma'rifiy merosidan bahra olish ana shunday buyuk ajdodlarning siymosiga hurmat, ularga munosib avlod bo‘lish hissini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etishiga alohida to‘xtaldi. 

Shuningdek, o‘z davrining yetuk shaxsi sifatida ulug‘langan Nizomiddin Mir Alisher Navoiy nafaqat o‘zbek adabiyoti va madaniyati tarixidagi balki, jahon adabiyotining rivojiga munosib hissa qo‘shgan yirik mutafakkir va davlat arbobi ekanligini, mamlakatning madaniy va ilmiy taraqqiyoti, ijtimoiy-iqtisodiy takomillashishiga katta hissa qo‘shganligi, ko‘plab madrasa, rabot, masjid, hovuz va ko‘priklar qurdirganligi haqida so‘z yuritdi.     

Shahar Madaniyat bo‘limi hamda Drama teatr san'atkorlari tomonidan shoir hayoti va ijodiga bag‘ishlangan sahna ko‘rinishi namoyish etildi.

Tadbir davomida so‘zga chiqqanlar albatta, bugun yuksak ma'rifatli jamiyat barpo qilishdek ezgu g‘oyalarni amalga oshirishda Navoiydek buyuk ajdodlarimizning boy-ma'naviy merosini o‘rganish, yoshlar ongu-shuuriga singdirish, asarlarida aytilganidek, xalq dardi bilan yashash, aql-idrok bilan, birlashib bilimlarni amaliyotda qo‘llash orqali ko‘zlangan ezgu maqsadlarga erishish mumkinligini ta'kidladilar.

Bugun bu kabi tadbirlar shahrimizdagi tashkilotlar va ta'lim muassasalarida davom etadi.

Kattaqo‘rg‘on shahar hokimligi axborot xizmati


Kiritilgan vaqti: 09/02/2024 13:56;   Ko‘rilganligi: 81
 
Material manzili: https://kattateatr.uz/press-center/events/buyuk-mutafakkirni-yod-etib
Chop etilgan vaqti: 19/09/2024 22:45
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing